2023-yil 28-noyabr kuni Toshkent shahrida Oliy Majlis Senati tomonidan BMT Aholishunoslik jamg‘armasining (YUNFPA) vakolatxonasi, “Oila va xotin-qizlar” ilmiy-tadqiqot instituti bilan hamkorlikda tashkil etilgan xalqaro konferensiya o‘z ishini boshladi.
Ikki kun davom etadigan konferensiya ishida BMTning Aholishunoslik jamg‘armasi rahbarlari, YUNISEF jamg‘armasi, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, Aholishunoslik va taraqqiyot bo‘yicha parlament aʼzolarining Osiyo forumi kabi xalqaro tashkilotlar vakillari, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, qariyb 20 davlatdan 40 dan ortiq parlament va hukumat vakillari ishtirok etmoqda.
Xalqaro konferensiya mavzusi -– Demografik o‘zgarishlar sharoitida jamiyatni barqaror rivojlantirish: milliy va xorijiy tajriba.
Anjumanning asosiy maqsadi demografik o‘zgarishlar oqibatida taʼlim, sog‘liqni saqlash, mehnat bozori, urbanizatsiya sohalarida yuzaga keladigan muammolar va ularning oqilona yechimi haqida tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
Shuningdek, konferensiya ishida muvaffaqiyatli strategiyalar va yechimlar namoyish etiladi, inklyuziv va dalillarga asoslangan samarali yechimlar ishlab chiqish bo‘yicha tajriba almashinmoqda.
Xalqaro konferensiyani Oliy Majlis Senati Raisi T.Narbayeva kirish so‘zi bilan ochar ekan, anjuman kun tartibidagi barcha masalalar dolzarb ekanligini qayd etdi. Bu masalalar nafaqat O‘zbekiston uchun, balki barcha mamlakatlar uchun ham dolzarb ekanini, ayrim davlatlarning aholisi o‘sishi nuqtai nazaridan, baʼzi mamlakatlarning esa aholisi qisqarib borishi nuqtai nazaridan tegishli choralar ko‘rib borish darkorligini taʼkidlab o‘tdi. Mamlakatimizda tobora o‘sib borayotgan aholi uchun ham iqtisodiy imkoniyatlar yaratish, ham ijtimoiy himoya kafolatlarini taʼminlash borasidagi ishlar davlat tomonidan jadal olib borilmoqda. Shu maqsadda O‘zbekistonda keyingi yillardagi keng islohotlar doirasida “Inson qadri uchun” degan tamoyil asosida maqsadli chora-tadbirlar amalga oshirilyapti.
BMTning Aholishunoslik jamg‘armasi ijrochi direktori Nataliya Kanem videomurojaatida ko‘rilayotgan masalalar, ulardan kelib chiqadigan xulosalar O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan demografik barqaror rivojlanishni taʼminlashga xizmat qilishini aytib o‘tdi.
Anjuman ishi “Demografik barqarorlik va barqaror rivojlanish: chaqiriqlar va imkoniyatlar”, “Demografik barqarorlik va inson kapitali: o‘zgarishlarga moslashish va imkoniyatlardan foydalanish” hamda “O‘zbekistonda sog‘lom va uzoq umr ko‘rish o‘n yilligi” mavzularidagi uchta sessiya doirasida tashkil etildi.
Birinchi sessiya davomida demografik barqaror rivojlanish uchun iqtisodiy imkoniyatlar yaratish, xususan aholini uy-joy bilan taʼminlash, xodimlarning mehnat huquqlari va erkinliklarini taʼminlash, mehnat sohasida ijtimoiy sheriklikni rivojlantirish bo‘yicha eng yaxshi amaliyotlar muhokama qilindi.
Kunning ikkinchi yarmida davom etgan sessiyalarda demografik o‘zgarishlar sharoitida inson kapitalini rivojlantirish, aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, taʼlim, sog‘liqni saqlash sohasida islohotlarni izchil davom ettirish kabi masalalar ishtirokchilar eʼtiborida bo‘ldi.
Konferensiya ertaga, 29-noyabr kuni o‘z ishini davom ettiradi.