2023-yil 17-noyabr kuni Senatda “Barqaror isteʼmol va ishlab chiqarish namunalarini taʼminlash: barqaror rivojlanishning majburiy talabi” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
BRM oyligi doirasida tashkil etilgan davra suhbatida senatorlar, deputatlar, Ekspertlar guruhlari aʼzolari, vazirlik va idoralar xodimlari, xalqaro va jamoat tashkilotlari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.
Davra suhbatida so‘zga chiqqan parlament va tegishli vazirliklar vakillari taʼkidlaganidek, O‘zbekistonda ishlab chiqarish va isteʼmol qilish jarayonida yiliga 7 mln tonna maishiy chiqindi hosil bo‘ladi. Buning atigi 1,8 mln tonnasi qayta ishlansa-da, qayta ishlash ulushi 21,9 foizdan 26 foizga oshgan. Respublikada hozirda 307 ta qayta ishlash korxonasi faoliyat yuritmoqda. Chiqindilardan 1,4 ming tonna mahsulot ishlab chiqarilmoqda.
2019-2021-yillarda aholi jon boshiga 1-3 xavfli toifadagi zaharli ishlab chiqarish chiqindilari hosil bo‘lishi 13,1 kg dan 8,5 kg gacha kamaydi.
Aholi asosiy isteʼmolchilardan biri ekanligini hisobga olib, oqilona isteʼmol namunalarini yaratish va maishiy sohaga energiya xizmatlari ko‘rsatish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirishni jadallashtirish zarur.
Rivojlanishi energiya tejash salohiyatini ro‘yobga chiqarish chora-tadbirlari bilan hamroh bo‘lgan elektr energetika sohasida samaradorlik ko‘rsatkichlarini oshirish tendensiyasi kuzatilmoqda (masalan, 2021-yilda energiya tizimidagi jami yo‘qotishlar 2019-yilga nisbatan 2,0 foizga kamaydi).
Umuman olganda, 2021 yilda mazkur Energetika vazirligi huzuridagi tashkiliy-texnik chora-tadbirlarning amalga oshirilishi natijasida qariyb 2,0 mln tonna standart yoqilg‘i tejalishi taʼminlandi.
Shu bilan birga, iqtisodiyotning elektroenergetika sektorida oqilona ishlab chiqarish modelini shakllantirishning asosiy omillaridan biri sifatida qayta tiklanadigan energiya manbalarini joriy etish va elektr energiyasi ishlab chiqarishning solishtirma xarajatlarini kamaytirish asosida energiya quvvatlarini diversifikatsiya qilish vazifalari asta-sekin hal qilinmoqda.
Davra suhbati ishtirokchilari barqaror isteʼmol va ishlab chiqarish shakllariga o‘tish, kimyoviy moddalar va boshqa chiqindilardan oqilona foydalanish hamda ularning atrof-muhitga chiqishini kamaytirish bo‘yicha O‘n yillik Harakatlar strategiyasini amalga oshirish doirasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, shuningdek davlat xaridlarida ekologik standartlarni qo‘llashni kengaytirish, turizmni barqaror rivojlantirish, qazib olinadigan yoqilg‘idan oqilona foydalanish va aholini tegishli maʼlumotlar bilan taʼminlash masalalari muhokama qilishdi.
Muhokama chog‘ida barqaror isteʼmol va ishlab chiqarish modellariga o‘tishni yana-da taʼminlash, chiqindilar hajmini hamda uning inson salomatligi va atrof-muhitga salbiy taʼsirini kamaytirish, bu boradagi hamkorlikni yana-da mustahkamlash bo‘yicha konstruktiv taklif va tavsiyalar aytib o‘tildi.