2023-yil 15-noyabr kuni Senatning Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi tomonidan Qonunchilik palatasi Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mitasi bilan hamkorlikda Barqaror rivojlanish maqsadlari oyligi doirasida “Barqaror infratuzilmani yaratish, inklyuziv sanoatlashtirish va innovatsiyalarga ko‘maklashishdagi muammolar” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Davra suhbatida barqaror infratuzilmani yaratish, umumqamrovli va barqaror sanoatlashuv va innovatsiyalarga ko‘maklashish borasida yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish hamda odamlar og‘irini yengil qilish, umuman xalq farovonligini qo‘llab-quvvatlash zarurligi taʼkidlandi.
Bu borada transport sohasida 2023-yilda jami 76 ta (28 ta avtobus va 48 ta yo‘nalishli taksi) yangi yo‘nalish tashkil etilib, ushbu yo‘nalishlarda 141 ta avtobus, 75 ta mikroavtobus va 304 ta “Damas” rusumli avtomobil aholiga xizmat ko‘rsatishi yo‘lga qo‘yildi.
O‘tgan davr mobaynida 357,3 km masofali “Buxoro – Miskin” va 33,78 km masofali “Urganch – Xiva” temir yo‘l uchastkalari qurilib foydalanishga topshirilgan hamda 325 km masofali “Qarshi – Termiz”, 145 km masofali “Pop – Namangan – Andijon” temir yo‘l uchastkasi elektrlashtirilgan. 50 km masofali “Ikki izli elektrlashtirilgan “Jizzax – Yangiyer” temir yo‘l liniyasini qurish” loyihasi ishga tushirildi.
Havo transporti sohasida esa, 2023-yilning yanvar-sentabr oylarida O‘zbekiston Respublikasi rezident aviakompaniyalari tomonidan 38 882 ta aviaqatnov amalga oshirilib, jami 4 865,7 ming nafar yo‘lovchi tashildi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasida elektr transportini ommalashtirishda bir qator chora-tadbirlar amalga oshirildi. Jumladan, elektromobillar importi aksiz va bojxona to‘lovlaridan, shuningdek, bir qancha to‘lovlardan ozod qilindi.
Bundan tashqari, iqtisodiyotning sanoat sektorini barqaror rivojlantirish bo‘yicha ham qator ishlar amalga oshirilib, resurs tejovchi va ekologik xavfsiz texnologiyalarni keng qo‘llash orqali mavjud korxonalarni modernizatsiyalash hamda yangilarini tashkil etish imkoni vujudga keldi.
Shuningdek, “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan joriy yilning 10 oyida energiya resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy qilish tadbirlari doirasida 29,1 mln kVt*soat elektr energiyasi va 18,7 mln kub metr tabiiy gaz yoqilg‘isi tejalishiga erishildi, 10 389 kVt quyosh foto elektr stansiyalari, 17,4 ming litr quyosh suv isitkichlari o‘rnatildi. Joriy yil avgust-oktyabr oylarida “O‘zbekneftgaz” AJning 724 ta qudug‘i va 46 ta gaz yig‘uv joyining raqamlashtirilishi taʼminlandi.
Bundan tashqari, mayda sanoat korxonalari va kichik korxonalarning moliyaviy xizmatlardan, shu jumladan, arzon kreditlardan foydalanish imkoniyatini kengaytirish borasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 20-dekabrdagi qaroriga asosan 2022-yil 1 martdan boshlab Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida kreditlar Yagona elektron platforma (oilakredit.uz) orqali ajratib kelinmoqda.
Qarorga muvofiq mahsulot va asbob-uskunalarni yetkazib berish hamda xizmatlar ko‘rsatishda markazlashgan taʼminot tizimidan voz kechilib, ularni xarid qilishda erkin tanlov va raqobat muhitini o‘z ichiga olgan “marketpleys” elektron savdo maydoni (smart-market.uz) ishga tushirildi. 2023-yilda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasidagi loyihalarni moliyalashtirish uchun kamida 13 trln so‘m yo‘naltirilishi belgilandi.
Barqaror infratuzilmani yaratish, umumqamrovli va barqaror sanoatlashuv va innovatsiyalarga ko‘maklashish borasida vazifalar va takliflarni mutasaddi tashkilotlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bildirish imkoniyati yaratildi.
Tadbir yakunida ushbu yo‘nalishlardagi muammolar ham muhokama qilinib, ularni hal etishda samarali mexanizmlarni joriy etish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqildi.