Xabaringiz bor, O‘zbekistonda o‘tkazilayotgan Barqaror rivojlanish maqsadlari oyligi doirasida Senat qo‘mitalarida soha va tarmoqlar doirasida muhokamalar tashkil etilmoqda.
Jumladan, 8-noyabr kuni Senatning Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi tomonidan Qonunchilik palatasining Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi hamda BMTning O‘zbekistondagi agentliklari bilan hamkorlikda “Oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash va qishloq xo‘jaligining barqaror rivojlanishiga ko‘maklashish” mavzusida seminar tashkil etildi.
Unda xorijiy ekspertlar va xalqaro tashkilotlar vakillari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlarining doimiy komissiyalari, milliy ekspertlar, Yoshlar parlamenti aʼzolari, tegishli vazirlik va idoralar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Seminarda mamlakatimizda aholi, ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarni, jumladan, go‘daklarni muvozanatli va sifatli oziq-ovqat bilan taʼminlash borasida olib borilayotgan islohotlar, shuningdek, 2030-yilga borib 5 yoshgacha bo‘lgan bolalarda bo‘y va vaznning sekin o‘sishiga olib keladigan to‘yib ovqatlanmaslikning barcha ko‘rinishlariga barham berish borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida muhokamalar olib borildi.
Mamlakatda o‘smir qizlar, homilador va emizikli ayollar hamda keksalarning oziq-ovqatga bo‘lgan ehtiyoji qay darajada qondirilayotgani, qishloq xo‘jaligida oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirishning o‘rtacha unumdorligini va mahsulot yetishtiruvchilar daromadini ko‘paytirish uchun qanday chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani bo‘yicha vazirlik va idoralarning maʼruzalari tinglandi.
Shuningdek, seminarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish samaradorligini oshiradigan barqaror oziq-ovqat ishlab chiqarish tizimlarini va usullarini joriy etish, sohada salohiyatni oshirish, ilmiy-tadqiqotlar va zamonaviy texnologiyalarni rivojlantirish, sohada xalqaro hamkorlikni kengaytirish orqali investitsiya kiritishni ko‘patirish borasida ko‘rilayotgan choralar ham muhokama qilindi.
Taʼkidlanganidek, salbiy oqibatlarga oziq-ovqat xavfsizligi bilan bog‘liq muammolar, jumladan, hosildorlikning pasayishi, suv tanqisligining oshishi, yerlarning degradatsiyasi, kasallanishning oshishi va boshqalar kiradi.
O‘zbekiston uchun ichki xavflar asosan aholining sezilarli darajada yuqori o‘sish surʼatlaridan kelib chiqadi. So‘nggi 30 yil ichida aholi soni 15 millionga ko‘payib, bugungi kunda 36 milliondan oshdi. Prognozlarga ko‘ra 2030-yilga kelib O‘zbekiston aholisi 40 mln kishiga yetadi va bu Markaziy Osiyo mamlakatlari aholisining deyarli yarmini tashkil qiladi.
Suv resurslarining kamayishi, shu jumladan iqlim o‘zgarishi natijasida kamayishi suv resurslarini boshqarish, suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish va qo‘shimcha suv manbalarini topish bo‘yicha faol choralarni talab qiladi. Yerlarning degradatsiyasi va cho‘llanish tendensiyalari qishloq xo‘jaligining barqaror rivojlanishi va ekologik barqarorlikka salbiy taʼsir qiladi.
O‘zbekiston so‘nggi yillarda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash bo‘yicha eng yuqori natijaga erishgan 10 ta davlat orasida yuqori o‘rinni egallamoqda. Poliz ekinlari, kartoshka, sabzavot, uzum, meva, rezavorlar va chorvachilik mahsulotlarini yetishtirish sezilarli darajada oshdi. Yer munosabatlari sohasida salmoqli ishlar boshlab yuborildi. Jumladan, 200 ming gektar ekin maydonlari dehqonlar ixtiyoriga topshirildi va bu o‘z o‘rnida qo‘shimcha oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish hamda minglab qishloq aholisining bandligini taʼminlash imkonini bermoqda.
Seminarda qayd etilganidek, so‘nggi yillarda paxta va uzum hosildorligini sezilarli darajada oshirishga erishildi, biroq qurg‘oqchilik darajasi ortishi va yuzaga kelayotgan iqlim anomaliyalari tufayli bir qator asosiy qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hosildorligida pasayish kuzatilmoqda. Hususan, poliz ekinlari hosildorligi 17 foizga, sabzavot hosildorligi 14 foizga, don va makkajo‘xori 6 foizga, kartoshka qariyb 3 foizga, bug‘doy hosildorligi 1,5 foizga kamaygan.
Seminarda muhokama qilingan masalalar yuzasidan Barqaror rivojlanish maqsadlari bajarilishini baholash, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash bilan bog‘liq muammolar va yangi tendensiyalarni hal qilish sohasida texnik bilim va ilg‘or tajriba almashindi. Shuningdek, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash va qishloq xo‘jaligining barqaror rivojlanishiga ko‘maklashish bo‘yicha amaliy taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.