Muloqot davomida O‘zbekiston Respublikasining BMT va uning ixtisoslashgan idoralari bilan hamkorligining hozirgi holati va istiqbollari muhokama qilindi. Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentning roliga alohida eʼtibor qaratildi.
Taʼkidlab o‘tilganidek, barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalar ijrosi ustidan samarali parlament nazoratini amalga oshirish maqsadida 2020-yildan beri barqaror rivojlanish sohasidagi muammolar va bajarilayotgan ishlarning bugungi holati tizimli ravishda parlament komissiyasi tomonidan o‘rganilib, tegishli chora-tadbirlar doimiy ravishda amalga oshirib kelinmoqda. Parlamentga kiritilayotgan qonunlar barqaror rivojlanish maqsadlariga uyg‘unligi nuqtai nazardan ko‘rib chiqilayotganligi alohida qayd etildi.
Ushbu saʼyi-harakatlar tufayli 2023-yilgi Barqaror rivojlanish maqsadlari indeksida O‘zbekiston 8 pog‘onaga ko‘tarilib, dunyoning 166 ta davlati orasida 69-o‘rinni egalladi. Bugun O‘zbekistonning barqaror rivojlanish maqsadlari bo‘yicha tajribasi butun dunyoga namuna sifatida taqdim etilmoqda.
Suhbat chog‘ida 2023-yil sentyabr oyida BMT Bosh assambleyasi 78-sessiyasining Oliy darajadagi haftasi doirasida bo‘lib o‘tadigan Barqaror rivojlanish maqsadlari sammitiga tayyorgarlik yuzasidan fikr almashildi.
Oliy darajadagi sammit BRMga erishishda jadal taraqqiyotning yangi bosqichini boshlab beradi va 2030-yilga qadar davrdagi kun tartibidagi vazifalarni amalga oshirish uchun xalqaro hamjamiyat, milliy hukumatlar, fuqarolik jamiyati institutlari va boshqa hamkorlarning o‘zaro konstruktiv muloqoti natijasida yuqori darajadagi siyosiy majburiyatlarga erishishni maqsad qilgan.
Uchrashuv yakunida muhokama qilingan masalalar yuzasidan hamkorlikni izchil davom ettirishga kelishib olindi.