2021-yil 23-iyun kuni Buxoro shahrida “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda global parlamentlararo hamkorlik” Xalqaro forumi o‘z ishini boshladi.
Forum ishtirokchilari sessiyalar doirasida guruhlarga bo‘linib, mavzuga oid dolzarb masalalarni muhokama qildilar.
Xususan, 1-sessiya ishtirokchilari Barqaror rivojlanish maqsadlarining samarali bajarilishini ta’minlashda parlamentning roli haqida so‘z yuritdilar.
Sessiyani Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari S. Safoyev olib bordi.
Sessiyada O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari qo‘mitasi raisi Boriy Alixanov, Osiyo Parlament Assambleyasi Bosh kotibi Muhammad Rizo Majidiy, Indoneziya Vakillar palatasi Spikeri o‘rinbosari Rahmat Gobel, Xitoyning Butunxitoy xalq vakillari yig‘ilishi Xalqaro ishlar qo‘mitasi raisi, parlamentlararo do‘stlik guruhining Xitoy tarafidan hamraisi Chjan Yesuy ishtirok etdi.
Barqaror rivojlanish sohasidagi maqsadlar kambag‘al, boy va o‘rtacha darajada rivojlangan barcha mamlakatlarning farovonlikni ta’minlash va sayyoramizni himoya qilish sari o‘ziga xos da’vati ekani ta’kidlandi. Bugun kambag‘allikka barham berish bo‘yicha sa’y-harakatlar iqtisodiy o‘sishni oshirish va ta’lim, sog‘liqni saqlash, aholini ijtimoiy himoya qilish va ish bilan ta’minlash, shuningdek, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish va atrof muhitni muhofaza qilish sohasida qator masalalarni hal qilish bilan birga olib borilmoqda.
Shu nuqtai nazardan, parlamentlar qonunchilikni shakllantirishda, 2030-yilgi Kun tartibi va Barqaror rivojlanish maqsadlarini (BRM) monitoring qilish va targ‘ib qilishda faol rol o‘ynaydi.
Ishtirokchilar “yashil” iqtisodiyotga o‘tishda barqaror rivojlanishga erishishda parlamentning rolini muhokama qildilar.
Bunda “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish, shu jumladan Orol inqirozining salbiy oqibatlarini kamaytirish va Orolbo‘yi mintaqasini ijtimoiy-iqtisodiy, ekologik reabilitatsiya qilish nuqtai nazaridan forum nafaqat O‘zbekiston uchun, balki butun Markaziy Osiyo uchun ham ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi.
Ekologik toza qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarishni rivojlantirish agrar sektorda “yashil” iqtisodiyotni joriy etishning istiqbolli yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Sessiyada, shuningdek, ochlikni kamaytirish, oziq-ovqat xavfsizligi va ovqatlanishni yaxshilash, barqaror qishloq xo‘jaligiga ko‘maklashish masalalari, barqaror rivojlanish sohasidagi maqsadlarga erishishga ko‘maklashishda Butunxitoy xalq vakillari yig‘ilishining o‘rni, mintaqaviy hamkorlik va Osiyo mamlakatlarining umumiy manfaatlari va boshqa masalalar muhokama qilindi.
Shuningdek, mazkur yo‘nalishda olib borilayotgan ishlar, yuzaga keladigan muammolarni bartaraf etish yuzasidan fikr almashdilar.