Barqaror rivojlanish maqsadlari haftaligi doirasida “Barqaror iqtisodiy o‘sishni rivojlantirish orqali aholi bandligini ta’minlashning dolzarb masalalari” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
Unda Oliy Majlis Senati a’zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, Jahon banki savdo, makro iqtisodiyot va investitsiya global amaliyoti iqtisodchisi V. Nagaradj, XMTning Moskvadagi Byurosi eksperti R. Pisarro, mahalliy hamda xorijlik ekspertlar, tegishli vazirlik, idora va jamoat tashkilotlari vakillari hamda OAV xodimlari qatnashdi.
Xalqaro ekspert va mutaxassislar barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda mamlakatimizda aholi bandligini ta’minlash, ularning turmush sharoitlarini yaxshilash, real daromadini oshirishga qaratilayotgan davlat darajasidagi yuksak e’tiborni yuqori baholadi.
Qayd etilganidek, barqaror rivojlanishning 8-maqsadi “Samarali bandlikni oshirish hamda erkaklar va xotin-qizlarni munosib ish bilan ta’minlash asosida barqaror va umumqamrovli iqtisodiy o‘sishga ko‘maklashish” etib belgilangan. Xususan, 2030 yilgacha yalpi ichki mahsulot hajmining aholi jon boshiga nisbatan hisoblaganda ikki baravar o‘sishiga erishish, barcha xotin-qizlar va erkaklarni, shu jumladan, yoshlar va nogironligi bo‘lgan shaxslarni barqaror va samarali bandlik hamda munosib ish bilan, shuningdek, teng qiymatli mehnat uchun teng ish haqi to‘lanishini ta’minlash ustuvor vazifalar sirasiga kiradi.
Davra suhbatida xorij tajribalari, bu borada yurtimizda olib borilayotgan islohotlarning istiqboli haqida axborotlar eshitildi.
Shuningdek, fuqarolar uchun xavfsiz mehnat sharoiti, aholining barcha qatlami uchun barqaror va munosib ish o‘rinlarini yaratish borasida amalga oshirilayotgan ishlar tahliliga urg‘u berildi.
Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda so‘nggi yillarda mehnat bozorida ro‘y berayotgan qator jiddiy o‘zgarishlar, xususan, ish bilan band bo‘lganlar sonining 1,5 barobarga, ish beruvchilar soni 4,5 barobarga oshgan.
Qayd etilganidek, O‘zbekiston Respublikasining 2020 yil 20 oktyabrda “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi Qonuni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 28 apreldagi “2021 yilda yangi ish o‘rinlarini tashkil etish va aholi bandligiga ko‘maklashish bo‘yicha davlat dasturi to‘g‘risida”gi qarori, “Xalqaro mehnat tashkilotining mehnat xavfsizligi va gigiyenasiga ko‘maklashish asoslari to‘g‘risida”gi 187-sonli Konventsiyasini ratifikatsiya qilish to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilindi.
Shu bilan birga, aholiga bandlik xizmati ko‘rsatish sifatini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar va ularning natijadorligi, xotin-qizlar va yoshlarni kasb-hunarga o‘rgatish, ularning bandligini ta’minlash bo‘yicha yaratilayotgan imkoniyatlar, jumladan, “Ayollar daftari”, “Temir daftar” va “Yoshlar daftari” to‘g‘risida so‘z yuritildi.
Ko‘rilgan masalalar yuzasidan tegishli takliflar ishlab chiqildi.