Bugun, 6-avgust kuni Senatda Barqaror rivojlanish maqsadlari oyligiga rasman start beruvchi “Barqaror rivojlanish maqsadlari: milliy taraqqiyotning yangi bosqichi” mavzusida konferensiya boʻlib oʻtdi.

Unda parlament aʼzolari, vazirlik va idoralar rahbarlari, BMTning mamlakatimizdagi vakolatxonasi vakili, Parlamentlararo ittifoq kotibiyati rahbariyati hamda nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari vakillari va tadbirkorlar ishtirok etdi.

Tadbirni Oliy Majlis Senati Raisi, Barqaror rivojlantirish sohasidagi Milliy maqsad va vazifalarning 2030-yilgacha boʻlgan davrda amalga oshirilishini nazorat qilish boʻyicha Parlament komissiyasi  hamraisi  Tanzila Narbayeva ochib berdi.

Taʼkidlanganidek, Barqaror rivojlanish maqsadlari oyligi davomida respublika boʻylab yuzlab tadbirlar tashkil etiladi. Jumladan, parlament eshituvlari, mahalliy Kengashlar sessiyalari, ilmiy-amaliy konferensiyalar, forumlar, davra suhbatlari, ochiq muloqotlar, mahallalarda uchrashuvlar, targʻibot tadbirlari, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda maxsus media-loyihalar amalga oshiriladi.

BRM oyligini oʻtkazishdan maqsad – aholida BRM gʻoyalariga daxldorlik hissini mustahkamlash, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar samarasini keng namoyon etish va umumiy maqsadlar yoʻlidagi saʼy-harakatlarni birlashtirishga qaratilgan.

Konferensiyada soʻzga chiqqan maʼruzachilar, xorijiy va milliy ekspertlar taʼkidlanganidek, mamlakatimiz 16 ta milliy Barqaror rivojlanish maqsadi va 126 ta vazifani qabul qilib, ularni “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasining ustuvor yoʻnalishlari bilan toʻliq uygʻunlashtirgan.

Mazkur strategik yondashuv asosida amalga oshirilgan izchil islohotlar natijasida Barqaror rivojlanish maqsadlarining 70 foizidan ortigʻi boʻyicha sezilarli ijobiy natijalarga erishilib, 45 foizi boʻyicha esa belgilangan koʻrsatkichlar toʻliq roʻyobga chiqarilgan.

Ayniqsa, kambagʻallik darajasi 2021-yildagi 17 foizdan 2025-yil yakunida 5,8 foizga qisqardi.

Maktabgacha taʼlim bilan qamrov 27,7 foizdan 78 foizga, oliy taʼlim bilan qamrov esa 8,3 foizdan 47,7 foizga yetdi.

Davlat boshqaruvida xotin-qizlar ulushi 27 foizdan 35 foizga, Qonunchilik palatasida 38 foizga, mahalliy Kengashlarda esa 32,5 foizga yetdi.

Olib borilgan tizimli va qatʼiy islohotlar natijasida 2026-yilda Oʻzbekiston Barqaror rivojlanish maqsadlari indeksida 167 ta davlat orasida 65-oʻrinni egalladi.

Bu natijalarning barchasi Yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar inson manfaatlarini taʼminlash va barqaror taraqqiyotni kafolatlashga xizmat qilayotganining yaqqol ifodasidir.